O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari amaliyotiga integratsiya qilingan o‘quv jarayoni doirasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yordamchilari, shuningdek viloyat prokuraturalari mahkama xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish kursi yakunlandi.
«Sudlarda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat mulkiga yetkazilgan zarar, davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda prokuror ishtirokining samaradorligini oshirish» mavzusiga bag‘ishlangan kurs davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat manfaatlarini himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘quv mashg‘ulotlarida davlat mulki bilan bog‘liq nizolar ko‘rilishida prokuror ishtirokining samarali mexanizmlari, sud amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlili, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, sud qarorlari ijrosini ta’minlash mexanizmlari hamda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvlarni shakllantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Kurs doirasida sohaning mas’ul xodimlari ishtirokida sud amaliyotida kuzatilayotgan muammolar tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, hududlarda to‘plangan ijobiy tajribalar muhokama qilinib, ishtirokchilarga amaliyotga yo‘naltirilgan tushuntirishlar berildi.
Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalari baholandi, shu jumladan ular tomonidan amaliyotdagi muammolar tahlili asosida qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.