“TASHKENT CYBERLEX–2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli dalillar va kriptoaktivlar: aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik sohasida Germaniya tajribasi” mavzusida ikki kunlik maxsus ekspert sessiyasi o‘tkazildi.
Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik fondi (IRZ) ko‘magida tashkil etilgan mazkur sessiya raqamli dalillar, kriptoaktivlar va jinoiy aktivlarni qaytarish sohasidagi zamonaviy huquqiy va amaliy yondashuvlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan muhim xalqaro ekspert maydoniga aylandi.
Tadbirda Oliy Majlis qo‘mitalari, Oliy sud, prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda sohaning mutaxassislari ishtirok etdi.
Bugun raqamli texnologiyalar, kriptoaktivlar va transchegaraviy moliyaviy operatsiyalar jinoiy daromadlarni yashirish hamda korrupsiyadan kelib chiqqan aktivlarni xorijiy yurisdiksiyalarga o‘tkazish xavfini yanada murakkablashtirmoqda. Bu esa raqamli dalillarni aniqlash va saqlash, kriptoaktivlarni xatlash va musodara qilish, moliyaviy tergovlarni samarali tashkil etish hamda aktivlarni qaytarish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini talab etmoqda
Sessiyaning ochilish qismida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, sessiya moderatori Uyg‘un Nig‘madjanov O‘zbekistonda kriptoaktivlar va boshqa mol-mulkni musodara qilish amaliyoti, mazkur sohada shakllanayotgan huquqiy yondashuvlar hamda raqamli iqtisodiyot sharoitida moliyaviy tergovlarni takomillashtirishning dolzarb jihatlari haqida kirish ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
IRZning O‘zbekistondagi loyihalar rahbari Frank Xupfeld mazkur hamkorlik tashabbuslarining huquqiy bilim va amaliy tajriba almashinuvini mustahkamlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
Sessiyaning asosiy ekspert bloki Germaniyaning Gamburg shahri prokuraturasida pul mablag‘larini legallashtirish va mol-mulkni musodara qilishga qarshi kurashish bo‘limi rahbari, katta prokuror Gerxard Brinker ishtirokida tashkil etildi.
Ikki kunlik maxsus dastur doirasida Germaniyada kriptoaktivlar va boshqa mol-mulkni konfiskatsiya qilishning huquqiy asoslari, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulkiy qiymatlarni aniqlash va xatlash, uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan aktivlarni musodara qilish, kengaytirilgan konfiskatsiya, sud hukmisiz konfiskatsiya, o‘zini o‘zi legallashtirish va uchinchi shaxslar tomonidan pul mablag‘larini legallashtirish holatlarida dalillar bazasiga qo‘yiladigan talablar Germaniya tajribasi asosida muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli va moliyaviy tergovlarni tashkil etish, elektron dalillarning saqlanishini ta’minlash, xalqaro huquqiy yordam so‘rovlarini tayyorlash, Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatish amaliyoti hamda xorijiy sheriklar bilan aktivlarni qaytarish sohasidagi hamkorlik mexanizmlari yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.
Sessiyaning ikkinchi kunida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimi Shuxrat Xomidov tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha moliyaviy tergov, raqamli aktivlarni aniqlash va xatlash amaliyotiga bag‘ishlangan milliy tajriba taqdim etildi.
Muhokamalar davomida Germaniya tajribasi raqamli dalillar bilan ishlash, kriptoaktivlar harakatini tahlil qilish, jinoiy aktivlarni qaytarish va xalqaro huquqiy hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish sohasida O‘zbekiston huquqni qo‘llash amaliyoti uchun muhim amaliy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Maxsus sessiya “TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumining eng amaliy va strategik ahamiyatga ega ekspert maydonlaridan biri sifatida huquqni muhofaza qilish organlari salohiyatini oshirish, aktivlarni qaytarish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish hamda raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.