O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Isbotlash jarayonida sud ekspertizalarining o‘rni va ahamiyati” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mamlakatning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, sud-ekspertiza tashkilotlari, sohaviy markazlar va nodavlat tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi sud ekspertizasi imkoniyatlaridan isbotlash jarayonida samarali foydalanish, huquqni qo‘llash amaliyotiga zamonaviy ekspertlik yutuqlarini tatbiq etish hamda sohadagi dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov bosqichlarida sud ekspertizasini tayinlash va o‘tkazish masalalari, nodavlat sud-ekspertiza muassasalarining huquqiy maqomi, ekspert xulosasining dalil sifatidagi ahamiyati hamda tergov va sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirildi.