Sud jarayoni imitatsiyasi: talabalar o‘rtasida kasbiy bellashuv

Sud jarayoni imitatsiyasi: talabalar o‘rtasida kasbiy bellashuv

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning 3-bosqich “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishi talabalari o‘rtasida jinoyat ishlari bo‘yicha namunaviy “Sud protsessi imitatsiyasi” tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, sud jarayonlarini tashkil etish va yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Bellashuvda “Adolat”, “Femida” hamda “Qonun” jamoalari ishtirok etdi. Tanlov davomida talabalar jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonida prokuror, sudya, advokat va boshqa protsess ishtirokchilarining vakolatlari, huquqiy pozitsiyasi hamda kasbiy mahoratini amaliy jihatdan namoyon etdilar.

Ishtirokchilarning huquqiy bilimlari, notiqlik mahorati, tezkor fikrlash qobiliyati, jinoyat-protsessual qonunchilik normalarini qo‘llash ko‘nikmalari va sud muhokamasidagi muomala madaniyati hakamlar tomonidan baholandi. Haqiqiy sud muhitini aks ettirgan sud jarayoni imitatsiyasi ishtirokchilar va tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yuksak raqobat ruhida o‘tgan tanlov yakuniga ko‘ra, “Adolat” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Femida” jamoasi ikkinchi, “Qonun” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, qator maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. “Eng yaxshi sudya” nominatsiyasi bo‘yicha R.Kushmakov, “Eng yaxshi davlat ayblovchisi” – L.Abdikulova, “Eng yaxshi advokat” – O.Abdurayimov va “Eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasida D.Normurodov g‘olib deb topildi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar kubok, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Telegram Facebook