Ta’lim, ijtimoiy moslashuv va kadrlar tayyorlash yo‘lidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

Ta’lim, ijtimoiy moslashuv va kadrlar tayyorlash yo‘lidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

Huquqni muhofaza qilish sohasida davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, xususan, voyaga yetmaganlarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash hamda jinoyatchilik takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Hamkorlik doirasida jazoni ijro etish muassasalarida tarbiyaviy, ma’rifiy va huquqiy ishlar samaradorligini oshirish, voyaga yetmaganlarni ta’lim va kasbga yo‘naltirish, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, memorandum huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ta’lim jarayonini amaliy tajriba bilan boyitish hamda Akademiya tinglovchi va talabalarida jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga oid kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tomonlar uzoq muddatli, tizimli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

Telegram Facebook