Joriy yilning 21–22-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi zamonaviy kampusida “Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusidagi “TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur forum kiberhuquq, raqamli kriminalistika, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli dalillar va huquqni muhofaza qilish faoliyatining zamonaviy chaqiriqlariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro ekspert platformasiga aylandi.
Forumda 20 davlat va 10 ga yaqin xalqaro tashkilotdan 300 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, xorijiy va milliy ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar, amaliyotchilar hamda yetakchi olimlar ishtirok etdi.
Ikki kun davomida forum yalpi majlis va oltita ixtisoslashgan ekspert maydoni shaklida tashkil qilinib, raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, sun’iy intellektning huquqiy jihatlari, raqamli kriminalistika, kriptoaktivlar hamda xalqaro hamkorlikka oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Forum doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar va ekspert muloqotlari o‘tkazilib, hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan memorandumlar imzolandi.
E’tiborli jihati, xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkorlar Akademiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy-ta’lim va ekspert salohiyatini yuqori baholab, uni mintaqada kompetensiyalar markazi sifatida rivojlantirish hamda mazkur platforma doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
“TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumi raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlashga oid xalqaro ekspert muloqotga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligini yana bir bor namoyon etib, uni nafaqat ilmiy muhokamalar, balki amaliy yechimlar, yangi hamkorliklar va uzoq muddatli xalqaro tashabbuslar shakllanadigan global platforma sifatida namoyon qildi.