Yangi avlod tergovchilarini tayyorlashning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

Yangi avlod tergovchilarini tayyorlashning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ramazon Ashrapov ishtirokida “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuv huquqni muhofaza qilish organlari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuksak mas’uliyat va kasbiy madaniyat sohibi bo‘lgan tergov kadrlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi.

Muloqot davomida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda tergov faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari tergovchilardan nafaqat mustahkam huquqiy bilim, balki raqamli dalillar bilan ishlash, kiberjinoyatlarni tergov qilish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda tahliliy fikrlash kabi zamonaviy kompetensiyalarga ega bo‘lishni talab etmoqda.

Shu bilan birga, tergov faoliyatida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, qonuniylikka qat’iy rioya qilish, xolislik, adolat va professional etika tamoyillari har qanday qaror va harakatning asosini tashkil etishi lozimligi ta’kidlandi. Tergovchining kasbiy mahorati avvalo uning mas’uliyati, halolligi, qonunga sadoqati va inson qadriga bo‘lgan hurmati bilan belgilanishi qayd etildi.

Uchrashuv davomida bitiruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, kelgusidagi xizmat faoliyati, kasbiy rivojlanish, o‘z ustida muntazam ishlash va zamonaviy bilimlarni doimiy ravishda takomillashtirib borish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari uchun professional salohiyatga ega, yuksak huquqiy ong va mas’uliyat bilan faoliyat yuritadigan yangi avlod tergovchilarini tayyorlashning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Telegram Facebook