Talaba-qizlarda zamonaviy kasbiy va hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi

Talaba-qizlarda zamonaviy kasbiy va hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriat fakulteti talaba-qizlari uchun dual ta’lim doirasida “Oila va xizmat muvozanati” (Work-Life Balance) mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbir bo‘lajak huquqni muhofaza qilish organlari xodimalarida gender tengligi, ma’naviy madaniyat, raqamli gigiyena, oilaviy qadriyatlar hamda xizmat faoliyati va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga oid bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratildi.

Seminar-treningda Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’naviyat-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Idalya Minixanova, Psixologlar assotsiatsiyasi psixologi, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Xulqar Mahmudova hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Muloqot davomida zamonaviy huquqni muhofaza qilish tizimida xotin-qizlarning o‘rni va roli, kasbiy faoliyatda psixologik barqarorlikni ta’minlash, shaxsiy rivojlanish, vaqtni samarali boshqarish, raqamli muhitda xavfsiz va mas’uliyatli faoliyat yuritish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, huquqni muhofaza qilish organlari uchun raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash jarayoni nafaqat kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni, balki bo‘lajak mutaxassislarning ma’naviy barkamolligi, psixologik barqarorligi va hayotiy kompetensiyalarini rivojlantirishni ham talab etadi.

Seminar-trening ishtirokchilar uchun tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va kelgusidagi kasbiy faoliyatda muhim ahamiyat kasb etadigan amaliy tavsiyalar olish imkonini berdi.

Telegram Facebook