Yosh tergovchilar” klubiga saralash sinovi o‘tkazildi

Yosh tergovchilar” klubiga saralash sinovi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 2-bosqich talabalari o‘rtasida “Yosh tergovchilar” klubiga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha saralash sinovi tashkil etildi.

Tadbirning maqsadi talabalarning jinoyat huquqi va jinoyat-protsessual huquqi sohasidagi bilimlari, tahliliy va mantiqiy fikrlash qobiliyati, huquqiy tafakkuri hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini baholashdan iborat bo‘ldi.

Sinov jarayonlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilib, ishtirokchilar nazariy savollarga javob berish bilan bir qatorda amaliy va mantiqiy topshiriqlarni ham bajardilar. Bu esa talabalarning nafaqat bilim darajasi, balki kasbiy vaziyatlarni tahlil qilish va asosli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini baholash imkonini berdi.

Saralash natijalariga ko‘ra yuqori bilim, intellektual salohiyat va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan talabalar “Yosh tergovchilar” klubi a’zoligiga tavsiya etildi.

Qayd etilganidek, mazkur klub doirasida talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, sohaning yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda bo‘lajak tergovchilarning liderlik va tahliliy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazib boriladi.

“Yosh tergovchilar” klubi Akademiyada yuqori malakali, keng dunyoqarashga ega va zamonaviy talablarga javob beradigan huquqni muhofaza qilish organlari kadrlarini tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Telegram Facebook