Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, jinoyatlarni tezkor va sifatli tergov qilish hamda zamonaviy kompetensiyalarga ega kadrlarni tayyorlash bugungi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ilmiy-metodik ko‘mak ko‘rsatish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek tergov faoliyatiga ilg‘or kriminalistik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko Toshkent shahri Bektemir tumani prokuraturasida bo‘lib, jinoyatlarni issiq izidan fosh etish, tergov sifati va samaradorligini oshirish, zamonaviy kriminalistik texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida tergov amaliyotida uchrayotgan dolzarb masalalar muhokama qilinib, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, kriminalistik ta’minotni kuchaytirish, tergov harakatlari sifati va natijadorligini oshirish hamda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan bunday o‘rganishlar tergov organlari faoliyatini ilmiy asosda takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.