O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Sulaymon Talbakzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Uyg‘un Nigmadjanov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari hamda Tojikiston delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mehmonlarga Akademiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, kadrlar tayyorlash tizimi va ta’lim jarayoniga joriy etilgan zamonaviy yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, raqamli kriminalistika sohasidagi amaliy ishlar, Virtual akademiya platformasi orqali korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tashkil etilgan masofaviy ta’lim imkoniyatlari, ta’lim va tahlil jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish tajribasi, shuningdek, situatsion kabinetlar, imitatsion auditoriyalar va «Darknet» muhitidagi ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Uchrashuv chog‘ida korrupsiyaga qarshi kurashish, moliyaviy nazorat, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish sohalarida tajriba almashishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun Akademiya bazasida masofaviy ta’lim dasturlarini tashkil etish hamda ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida mehmonlar ta’lim, ilmiy-tahliliy faoliyat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohalarida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.