O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha turkum fan olimpiadalarining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Tadbir Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi Xalqaro tarmoq institutiga a’zo oliy ta’lim muassasalari hamda respublikaning boshqa davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalarini bir maydonda jamladi.
Olimpiadada Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda mamlakatning boshqa oliy ta’lim muassasalaridan jami 150 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Ular “Yurisprudensiya”, “Axborot xavfsizligi”, “Iqtisodiy xavfsizlik” va “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishlari bo‘yicha moliyaviy xavfsizlik, huquqiy tahlil, iqtisodiy xavflarni baholash, axborot xavfsizligi va xalqaro munosabatlarga oid bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar I, II va III darajali diplomlar hamda Akademiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Yurisprudensiya” va “Iqtisodiy xavfsizlik” yo‘nalishlarida 3 nafardan, “Axborot xavfsizligi” va “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishlarida 2 nafardan jami 10 nafar eng yuqori natija ko‘rsatgan talaba moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro olimpiadada ishtirok etish uchun saralab olindi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Akademiyaning zamonaviy ta’lim va amaliy tayyorgarlik infratuzilmasi bilan ham tanishtirildi. Ular tergov harakatlari va sud jarayonlarini modellashtirish uchun mo‘ljallangan maxsus o‘quv xonalari, kriminalistik poligonlar, sud-tibbiy ekspertiza va Darkveb laboratoriyalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Virtual akademiya hamda Raqamli kriminalistika instituti faoliyati haqida ma’lumot oldilar.
Mazkur olimpiada yoshlarning moliyaviy xavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, iqtidorli talabalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro intellektual bellashuvlarga tayyorlash, shuningdek, iqtisodiy jinoyatchilik, korrupsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohalari uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.