O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi surishtiruvchilari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kursi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Mazkur o‘quv dasturi surishtiruv faoliyati samaradorligini oshirish, jinoyatlarni tergovga qadar tekshirish va surishtirish jarayonlarida qonunchilik talablarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha kasbiy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi.
Mashg‘ulotlar doirasida tinglovchilar jinoyatlarni tergov qilishda kriminalistik uslubiyatdan-foydalanishning zamonaviy yondashuvlari, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid jinoyatlarni tergov qilish xususiyatlari, shuningdek surishtiruv va tergov amaliyotida uchraydigan dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirdilar.
O‘quv jarayonida qonunchilikni qo‘llash amaliyoti, dalillarni to‘plash va baholash, protsessual qarorlar qabul qilish hamda huquqni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlar interaktiv ta’lim usullari, keys-tahlillar va amaliy vaziyatlar asosida tashkil etildi.
Kurs doirasida tinglovchilar Akademiyaning zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, kriminalistika va sud ekspertizasi sohasidagi o‘quv-amaliy imkoniyatlari bilan ham tanishdilar.
Malaka oshirish kursi yakunida tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.