Koreya Respublikasi Adliya instituti delegatsiyasining tashrifi

Koreya Respublikasi Adliya instituti delegatsiyasining tashrifi

Joriy yilning 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining taklifiga binoan Koreya Respublikasi Adliya instituti direktori Li Chju Yon boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi boshlandi.

Tashrifning birinchi kuni dasturi delegatsiyaning Akademiya rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvidan boshlandi. Uchrashuv davomida mehmonlarga Akademiya faoliyati, uning tashkiliy tuzilmasi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, shuningdek, zamonaviy ta’lim va ilmiy-amaliy infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Delegatsiya a’zolariga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash asosida tashkil etilgan hamda tinglovchilarda amaliy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim jarayonlari namoyish etildi.

Bundan tashqari, mehmonlar Yuridik klinika, Situatsion markaz, elektron ta’lim tizimi, Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti, Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdilar.

Uchrashuv konstruktiv va amaliy yo‘naltirilgan ruhda o‘tdi. Koreya Respublikasi Adliya instituti vakillarida ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi asosida tashkil etilgan Akademiya faoliyati alohida qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar prokuror kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek huquqni muhofaza qilish faoliyatining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Delegatsiyaning Akademiyaga tashrifi davom etmoqda. Tashrif natijalari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yangi turtki berishi kutilmoqda.

Telegram Facebook