Huquqni muhofaza qilish akademiyasi O‘zbekiston–Xitoy yetakchi tahlil markazlarining “10+10” forumi ishida ishtirok etdi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi O‘zbekiston–Xitoy yetakchi tahlil markazlarining “10+10” forumi ishida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Xitoy yetakchi tahlil markazlarining “10+10” forumida ishtirok etdi.

“O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining yangi bosqichi: umumiy qarash va umumiy kelajak” mavzusida tashkil etilgan forum ikki mamlakatning yetakchi tahlil markazlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari rahbarlari hamda ekspertlarini bir maydonga jamladi. Tadbir doirasida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, milliy taraqqiyot ustuvorliklari, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi.

Forum ishida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, professor Yevgeniy Vyacheslavovich Kolenko O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi. U “O‘zbekiston va Xitoy: taraqqiyot bo‘yicha umumiy yondashuvlar va umumiy milliy ustuvorliklar” mavzusidagi sessiyaga moderatorlik qildi.

Shuningdek, Ye.V. Kolenko “O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining ko‘p tomonlama formatlari: SHHT, “Bir makon, bir yo‘l”, “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti va boshqa platformalar” mavzusidagi sessiya doirasida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada zamonaviy chaqiriqlar sharoitida huquqshunoslik va huquqni muhofaza qilish faoliyatida tahliliy yondashuvlarning ahamiyati, huquqiy qarorlar qabul qilish jarayonlarini ilmiy va ekspertlik jihatdan ta’minlash, shuningdek, raqamlashtirish sharoitida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Akademiya tomonidan huquqiy islohotlarni ilmiy va ekspert-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Forum doirasida tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalaridagi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek dolzarb mintaqaviy va xalqaro chaqiriqlarga nisbatan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Forum ekspertlar muloqotini mustahkamlash, tajriba almashish va O‘zbekiston hamda Xitoyning tahlil markazlari, ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Telegram Facebook