Jinoyatchilikning-barvaqt oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Jizzax viloyatida kompleks ilmiy-amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Akademiya mutaxassislari ishtirokida viloyatning shahar va tumanlaridagi kriminogen vaziyat chuqur tahlil qilinib, jinoyatchilikka ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, uning kelib chiqish sabablari hamda shart-sharoitlari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganildi. O‘tkazilgan tahlillar natijasida har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari va mavjud xavf omillaridan kelib chiqqan holda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ayni paytda mazkur tavsiyalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, profilaktik faoliyat natijadorligini oshirish va hududlardagi huquqbuzarliklar holatiga ta’sirini baholash bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini mustahkamlash maqsadida «mahalla yettiligi» a’zolari uchun tizimli o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda. Ularda huquqiy bilimlarni oshirish, oilaviy nizolarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish hamda aholi bilan manzilli ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosariga taqdimot qilindi. Taqdimot davomida hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan ilmiy yondashuvlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, profilaktika faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.