O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan bank tizimi komplayens bo‘linmalari xodimlari uchun jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari, xalqaro standartlarni joriy etish hamda ichki nazorat samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan maxsus o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbir Akademiya hamda Trastbank hamkorligida o‘tkazilib, unda bank sohasida qonunchilik talablariga rioya etish, moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va komplayens nazorati samaradorligini oshirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Seminar davomida ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishdagi milliy qonunchilik normalari, xalqaro FATF standartlari, moliyaviy operatsiyalardagi xavflarni aniqlash va baholash, sanksiyaviy cheklovlarga rioya etish hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari bo‘yicha tizimli bilimlar taqdim etildi.
Amaliy mashg‘ulotlarda bank tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, mijozlarni lozim darajada o‘rganish va tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni kuchaytirish masalalari real keyslar asosida tahlil qilindi. Mashg‘ulotlar ochiq muloqot va savol-javob shaklida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajriba va amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchilarning komplayens xavflarini boshqarish, moliyaviy monitoringni amalga oshirish hamda banklar faoliyatining milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini ta’minlash sohasidagi kasbiy kompetensiyalarini yanada kengaytirishga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik bank sektorida qonun ustuvorligi, shaffoflik va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.