Tergov amaliyotiga zamonaviy raqamli kriminalistika yechimlari joriy etilmoqda

Tergov amaliyotiga zamonaviy raqamli kriminalistika yechimlari joriy etilmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Sirdaryo viloyati prokuraturasida o‘tkazilgan amaliy seminar doirasida zamonaviy raqamli yechimlar va ilg‘or kriminalistik ishlanmalar taqdim etildi.

Tadbir tergov faoliyatida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, zamonaviy axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminar davomida Institut xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–229-son qarori doirasida ishlab chiqilgan raqamli kriminalistikaning texnik vositalari bilan jihozlangan maxsus jamlanmaning funksional imkoniyatlarini namoyish etdilar. Uning raqamli dalillar bilan ishlash, ularni yig‘ish, saqlash va tahlil qilish jarayonlarida qo‘llashning amaliy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga “Ko‘chma raqamli kriminalistika laboratoriyasi”ning texnik imkoniyatlari tanishtirildi. Namoyish davomida jinoyatlarni aniqlash, raqamli dalillarni mustahkamlash va tahlil qilish, huquqbuzarliklarni fosh etishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or kriminalistik usullar taqdim etildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda tergov faoliyatini raqamlashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar amaliyotiga zamonaviy kriminalistik texnologiyalarni integratsiya qilish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bunday tadbirlar raqamli kriminalistika imkoniyatlarini amaliyotga keng joriy etish, sohadagi idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda tergov faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Telegram Facebook