Kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari va xalqaro standartlar: Akademiya delegatsiyasi IADLEST konferensiyasida ishtirok etdi

Kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari va xalqaro standartlar: Akademiya delegatsiyasi IADLEST konferensiyasida ishtirok etdi

AQSHdagi xizmat tashrifi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Texas shtati Fort-Uert shahrida bo‘lib o‘tgan huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash va soha standartlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri – Huquqni muhofaza qilish organlarida ta’lim va standartlar bo‘yicha xalqaro direktorlar assotsiatsiyasi (IADLEST) konferensiyasida ishtirok etdi.

1987-yilda tashkil etilgan IADLEST assotsiatsiyasi AQSH shtatlaridagi POST kengashlari, yetakchi politsiya akademiyalari hamda turli mamlakatlarning sohaviy tashkilotlarini birlashtiradi. Assotsiatsiyaning yillik konferensiyasi huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va kasbiy standartlarni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.

Tadbirning dastlabki kunlarida Akademiya vakillari rasmiy uchrashuvlar, sohaviy ko‘rgazmalar hamda mutaxassislar muhokamalarida ishtirok etib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashish va kasbiy aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan muloqotlar o‘tkazdilar.

Konferensiya ishtirokchilarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining emotsional barqarorligi, ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tajribasi, rahbar kadrlarni tayyorlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ta’lim jarayonida foydalanish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Tematik sessiyalarda xodimlarning psixologik, axloqiy va jismoniy tayyorgarligini takomillashtirishning zamonaviy yondashuvlari muhokama qilindi. Ekspertlar emotsional intellektni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, ilmiy asoslangan ta’lim metodikalarini qo‘llash, deeskalatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda shaxsiy xususiyatlarni hisobga olgan holda xavfsiz muloqotni tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni taqdim etdilar.

Shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar virtual reallik texnologiyalari asosida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, ta’lim dasturlari samaradorligini baholash hamda xizmat faoliyati xavfsizligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yechimlar bilan tanishdilar.

Konferensiyada ishtirok etish huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy hamkorlar bilan kasbiy aloqalarni mustahkamlash hamda Akademiya ta’lim faoliyatini yanada takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.

Telegram Facebook