Xavfsiz mahalla uchun bilim, ko‘nikma va hamjihatlik

Xavfsiz mahalla uchun bilim, ko‘nikma va hamjihatlik

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “mahalla yettiligi” va huquq-tartibot organlari xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslari yakunlandi. Mashg‘ulotlar mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlashga qaratilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining Akademiyaga biriktirilgan Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlaridagi 136 ta mahallada sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotlari Akademiya professor-o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa oliy ta’lim muassasalari va mas’ul tashkilotlardan jalb qilingan olimlar hamda mutaxassislar tomonidan 10 hafta davomida olib borildi.

Mashg‘ulotlar yagona dastur asosida tashkil etilib, “Jinoyatlarni barvaqt oldini olish”, “Ijtimoiy profilaktika”, “Narkojinoyatlarga qarshi kurashish”, “Ma’muriy-yurisdiksion faoliyat”, “Amaliy psixologiya”, “Muammoli sotsiologiya”, “Raqamli savodxonlik”, “Kibermadaniyatni shakllantirish” hamda “Ish yuritishni tashkil etish” kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi.

O‘quv jarayonida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlarda amaliy keyslar, interaktiv usullar va hayotiy vaziyatlarga asoslangan mashqlardan keng foydalanildi.

Maxsus o‘quv kurslari doirasida jami 738 nafar mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda profilaktika inspektorlarining malakasi oshirildi. Kurs yakunida barcha tinglovchilar yakuniy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirib, sertifikatlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur o‘quv kurslari mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini manzilli hal etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda “mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Telegram Facebook