O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va xodimlari Niderlandiya Qirolligining Gaaga shahrida Leyden universiteti huzurida tashkil etilgan IBA ICC Moot Court Competition 2026 xalqaro musobaqasida ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli maydon xalqaro jinoyat huquqi va xalqaro gumanitar huquq sohasida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda professional ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Musobaqa doirasida ishtirokchilar Xalqaro jinoyat sudi faoliyati asosida tashkil etilgan sud jarayonlari simulyatsiyasida ishtirok etib, prokuror, himoyachi va davlat vakili sifatida huquqiy pozitsiyalarni himoya qiladilar.
Jamoalar tomonidan yozma huquqiy hujjatlar va protsessual memorandumlar tayyorlanib, og‘zaki bahs-munozaralarda ishtirok etiladi. Huquqiy pozitsiyalar Xalqaro jinoyat sudi sudyalari, professorlar va xalqaro huquq sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida himoya qilinadi.
Musobaqa ishtirokchilari xalqaro jinoyat huquqi va xalqaro gumanitar huquq normalarini amaliyotda qo‘llash, huquqiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro-huquqiy manbalarni tahlil qilish, huquqiy hujjatlar tayyorlash hamda ommaviy nutq so‘zlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, mazkur musobaqa tanqidiy va analitik fikrlash, jamoaviy ishlash, muzokaralar olib borish va huquqiy pozitsiyalarni asosli himoya qilish bo‘yicha amaliy tajribani boyitish, shuningdek, xalqaro huquq sohasidagi ekspertlar bilan professional muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi jamoasining ushbu xalqaro musobaqadagi ishtiroki yosh yuristlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, shuningdek, milliy yuridik ta’lim va ilm-fanning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.