O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan bank tizimida komplayens madaniyatini rivojlantirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi “Anor bank” va “Universal bank” xususiy aksiyadorlik tijorat banklari bilan hamkorlikda bank komplayens bo‘linmalari xodimlari uchun tashkil etildi.
Malaka oshirish o‘quv seminari doirasida ishtirokchilarga jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik normalari, FATF xalqaro standartlari, bank tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, moliyaviy operatsiyalardagi xavflarni baholash, sanksiyaviy cheklovlar hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari yuzasidan tizimli bilimlar taqdim etildi.
Alohida e’tibor bank amaliyotida uchraydigan xavflar va kamchiliklarni barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish mexanizmlari, shuningdek, ichki nazorat tizimini takomillashtirish masalalariga qaratildi.
O‘quv jarayoni nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni kuchaytirish hamda mijozlarni lozim darajada o‘rganish masalalari bo‘yicha real keyslar asosida tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajriba va amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, xavflarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish, ichki nazorat tizimini samarali tashkil etish hamda komplayens madaniyatini mustahkamlashga doir amaliy ko‘nikmalarini yanada takomillashtirdilar.
Ta’kidlanganidek, davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari va moliya sektorining o‘zaro hamkorligi bank tizimida qonun ustuvorligi, shaffoflik va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.