26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi: sog‘lom jamiyat – barqaror kelajak garovi” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbir giyohvandlikning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda mazkur yo‘nalishda davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, faol yoshlar hamda yuridik ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Muloqotda sintetik narkotiklarning tarqalishi, ularning internet va boshqa raqamli platformalar orqali noqonuniy muomalaga kiritilishi yoshlar uchun jiddiy xavf ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan profilaktika, erta ogohlantirish, huquqiy targ‘ibot va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan, narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan Qonunning ahamiyati ham alohida ta’kidlandi. Ushbu hujjat mazkur sohadagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Konferensiyaning muhim natijasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum yoshlar o‘rtasida narkotik vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi profilaktikasini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy madaniyat va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Konferensiyadan oldin ishtirokchilar Akademiyada tashkil etilgan giyohvandlikka qarshi kurashishga oid loyihalar ko‘rgazmasi va yoshlarning ijodiy taqdimotlari bilan tanishdilar.
Tadbir ishi “Sog‘lom jamiyat sari: ogohlik va profilaktika” hamda “Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi va amaliy yechimlar” mavzularidagi sessiyalarda davom etdi. Ularda tibbiyot, huquq, psixologiya va ta’lim sohalari o‘rtasidagi hamkorlik, barvaqt profilaktika, raqamli loyihalar, sport va ma’naviy tarbiya orqali yoshlar orasida antinarkotik madaniyatni yuksaltirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Konferensiya yakunlari giyohvandlikka qarshi kurashishni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi sifatida emas, balki davlat, oila, ta’lim muassasasi, mahalla va yoshlarning umumiy mas’uliyati sifatida anglash zarurligini yana bir bor tasdiqladi.