O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Axborot-resurs markazi fondi huquqshunoslik sohasidagi ta’lim va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan yangi adabiyotlar bilan boyitildi.
Jumladan, fond «Ma’muriy huquq va protsess», «Davlat va huquq tarixi», «Konstitutsiyaviy huquq», «Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar. Advokatura» nomli o‘quv nashrlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga ilmiy-amaliy sharh bilan to‘ldirildi.
Mazkur adabiyotlar talabalar, tinglovchilar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ularda huquqiy institutlarning nazariy asoslari, milliy qonunchilikning rivojlanish bosqichlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, shuningdek, huquqiy amaliyotning dolzarb masalalari yoritilgan.
Ayniqsa, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga ilmiy-amaliy sharh ushbu faoliyatning huquqiy asoslarini o‘rganish, qonun normalarini to‘g‘ri talqin qilish va ularni amaliyotda bir xil qo‘llash masalalarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Fondning zamonaviy huquqiy adabiyotlar bilan muntazam boyitib borilishi Akademiyada ta’lim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, tinglovchilarning mustaqil ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Axborot-resurs markazi barcha kitobxonlarni yangi kelib tushgan adabiyotlar bilan tanishish va ulardan o‘quv, ilmiy hamda kasbiy faoliyatda samarali foydalanishga taklif etadi.