Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Kiberxavfsizlik departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, amaliy tajriba almashish va raqamli kriminalistika sohasida mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida imzolandi.
Memorandum raqamli kriminalistikani rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma uchrashuvlar, seminarlar, oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish, loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohadagi qonunchilik va standartlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlashni nazarda tutadi.
Raqamli kriminalistik ekspertizalarning zamonaviy turlari boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish, maxsus kriminalistik laboratoriyalar faoliyatini tashkil etish boʻyicha tajriba almashish, qoʻshma sud ekspertizalari va tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, raqamli kriminalistik ekspertizalarni oʻtkazish metodikalarini ishlab chiqish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, tomonlar raqamli kriminalistika boʻyicha xalqaro kurslarni tashkil etish, tomonlar vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha ilgʻor tajriba, axborot va maslahatlar almashish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish niyatida.
Memorandumning imzolanishi raqamli kriminalistika va kiberxavfsizlik sohasida kadrlar, ilmiy-uslubiy va ekspert salohiyatini mustahkamlashda muhim qadam boʻladi, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.