Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining hududiy boʻlinmalariga yangi tayinlangan tergovchilar uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslari izchil tashkil etilmoqda. Oʻquv jarayoni ularda tergovni mustaqil rejalashtirish va olib borish, dalillar bilan malakali ishlash hamda qonuniy va asosli protsessual qarorlar qabul qilish uchun zarur bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Kurslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF–257-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida oʻtkazilmoqda. Bugunga qadar 288 soatlik kasbiy qayta tayyorlash dasturini 130 nafardan ziyod tinglovchi muvaffaqiyatli yakunladi.
Oʻquv dasturi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni toʻgʻri qoʻllash, dalillarni toʻplash, tekshirish va baholash, tergovni rejalashtirish va tergov harakatlarini oʻtkazish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, kasbiy etika hamda xizmat intizomi kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Mashgʻulotlarga Akademiya professor-oʻqituvchilari bilan bir qatorda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning koʻp yillik amaliy tajribaga ega mutaxassislari ham jalb etilmoqda. Nazariya va amaliyot uygʻunligi tinglovchilarga olgan bilimlarini tergov amaliyotida uchraydigan aniq vaziyatlar misolida mustahkamlash imkonini beradi.
Har bir kurs yakunida tinglovchilarning bilim va amaliy koʻnikmalari yakuniy attestatsiya orqali baholanadi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga Akademiya tomonidan kasbiy qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi diplomlar topshiriladi.
Ayni paytda navbatdagi guruhlarda oʻquv jarayoni davom etmoqda. Yangi tayinlangan tergovchilarni tizimli kasbiy qayta tayyorlash tergov boʻlinmalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, jinoyatlarni qonuniy, xolis va puxta tergov qilish amaliyotini taʼminlashga xizmat qiladi.