Huquqni muhofaza qilish va jinoiy odil sudlov tizimida xotin-qizlar roli: Akademiyada xalqaro trening yakunlandi

Huquqni muhofaza qilish va jinoiy odil sudlov tizimida xotin-qizlar roli: Akademiyada xalqaro trening yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jinoiy odil sudlov tizimida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro trening yakunlandi. Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

«O‘zbekiston Respublikasida uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish doirasida huquqni muhofaza qilish faoliyati va jinoiy odil sudlov tizimida xotin-qizlar rolini oshirish» mavzusidagi trening Yevropa Ittifoqi va CIVIPOL loyihasi ko‘magida EU-ACT dasturi doirasida tashkil etildi.

Tadbir huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirdi. Uning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Artikova, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi muvaqqat ishlar vakili hamda siyosiy masalalar va axborot bo‘limi rahbari Renat Probel, shuningdek, EU-ACT dasturining yetakchi eksperti Margarita de la Barga so‘zga chiqdi.

Ekspertlik va amaliy sessiyalar davomida huquqni muhofaza qilish va jinoiy odil sudlov tizimida xotin-qizlar rolini kengaytirish, ularning kasbiy va yetakchilik salohiyatini mustahkamlash, xizmatda o‘sishi uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda kadrlar siyosatini takomillashtirishga doir zamonaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.

Uyushgan jinoyatchilik va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash va tergov qilishda xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, ularning kasbiy rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan huquqiy va tashkiliy omillarga alohida e’tibor qaratildi.

Margarita de la Barga Yevropa prokuratura organlari rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari va jinoiy ta’qib jarayoniga gender yondashuvini joriy etish amaliyotini taqdim qildi. Ishtirokchilar xorijiy tajribani milliy sharoitlarga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Akademiya vakili gender masalalarini prokurorlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar kadrlarini dastlabki hamda uzluksiz kasbiy tayyorlash dasturlariga kiritishga doir yondashuvlar bilan tanishtirdi. Xodimlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va jinoyat sudlovidagi gender jihatlari bo‘yicha xabardorlikni oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Treningning interaktiv formati ishtirokchilarga kasbiy tajriba almashish, samarali amaliyotlarni taqdim etish hamda uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashishda xotin-qizlar ishtirokini yanada kengaytirishga doir takliflarni ishlab chiqish imkonini berdi.

Ikki kunlik dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Telegram Facebook