O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 o‘quv yili uchun bakalavriatning «60420100 – Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul davom etmoqda. Ta’lim davlat tilida, masofaviy shaklda va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari oliy ta’lim tashkilotining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda uning kengashi tomonidan belgilanadi.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Muvofiqlashtirish-vasiylik kengashining 2-sonli yig‘ilishi bayoni bilan ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi belgilandi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish istagini bildirgan talabgorlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazining maxsus elektron platformasi – my.edu.uz orqali 10-avgustga qadar (shu kuni ham) ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Kirish imtihonlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan «Huquqshunoslik» hamda «Ona tili va adabiyot» fanlaridan test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
Test sinovlarida ishtirok etish uchun barcha talabgorlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.