Gdansk universitetida akademik mobillik dasturiga qabul e’lon qilindi

Gdansk universitetida akademik mobillik dasturiga qabul e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Polsha Respublikasining Gdansk universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Akademiyaning 2–3-kurs talabalari uchun akademik mobillik dasturiga qabul e’lon qilindi. Bitiruvchi kurs talabalari tanlovda ishtirok etmaydi.

Dastur bir semestrga mo‘ljallangan bo‘lib, 2026/2027 o‘quv yilining kuzgi semestrini xorijiy hamkor universitetda grant yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkonini beradi.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlarning:

– o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) kamida 80 foiz bo‘lishi;

– ingliz tilini bilish darajasi IELTS 6,0 yoki undan yuqori natija bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Dasturda ishtirok etish istagini bildirgan talabalar quyidagi hujjatlarni 2026 yil 31 iyulga qadar Ofis-registrator markaziga taqdim etishlari kerak:

– almashinuv dasturida ishtirok etish maqsadi va rejalari bayon etilgan, mustaqil tayyorlangan hamda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanilmagan ingliz tilidagi motivatsion xat – 500 so‘zgacha;

– akademik transkript nusxasi;

– xorijga chiqish pasportining shaxsiy ma’lumotlar ko‘rsatilgan sahifasi nusxasi;

– ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi IELTS sertifikati;

– ijtimoiy faollikni tasdiqlovchi sertifikatlar va boshqa hujjatlar – mavjud bo‘lgan taqdirda.

Onlayn tadbirlarda ishtirok etganlik uchun berilgan sertifikatlar va tavsiyanomalar qabul qilinmaydi.

Tanlov va suhbat natijalariga ko‘ra, alohida iqtidorli talabalarga Gdansk universitetida o‘qish to‘lovisiz tahsil olish imkoniyati beriladi.

Dasturda to‘lov asosida ishtirok etuvchi talabgorlar Gdansk universitetiga 1 800 yevro miqdorida o‘qish to‘lovini amalga oshiradilar.

Gdansk universitetida tahsil olish bilan bog‘liq boshqa barcha xarajatlar, jumladan, transport, viza, sug‘urta, yotoqxona va yashash xarajatlari talabaning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Akademiyada to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar Akademiya bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq kontrakt to‘lovlarini belgilangan tartibda amalga oshiradilar.

Batafsil ma’lumot uchun: s.ruzieva@proacademy.uz

Telegram Facebook