Transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Transmilliy jinoyatchilik ko‘lamining kengayishi xorijiy davlatlardan dalillarni tezkor olish, jinoiy aktivlarni qidirish va qaytarish, shuningdek, turli davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashni tobora dolzarb vazifaga aylantirmoqda.

Mazkur masalalar O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘tkazilgan o‘zaro huquqiy yordam va xalqaro sud hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro amaliy seminarning asosiy muhokama mavzularini tashkil etdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi va CIVIPOL ko‘magida EU-ACT dasturi doirasida tashkil etildi.

Seminarda prokuratura organlari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati vakillari, shuningdek, Fransiya va Ispaniyadan taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Dastur doirasida o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi so‘rovlarni tayyorlash, ekstraditsiya, jinoiy aktivlarni qidirish va qaytarish, bank ma’lumotlari hamda raqamli dalillarni olish bilan bog‘liq huquqiy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Mashg‘ulotlar amaliy formatda tashkil etilib, ishtirokchilar xalqaro sud hamkorligi jarayonida uchraydigan tipik muammolarni tahlil qildi, maxsus topshiriqlarni bajardi va ularni hal etish bo‘yicha tajriba almashdi.

Muhokamalar davomida o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi so‘rovlarning sifatli va aniq tayyorlanishi, ularni vakolatli xorijiy organlarga o‘z vaqtida yuborish, shuningdek, bank va raqamli ma’lumotlarni olishda samarali hamkorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro ekspertlar Fransiya va Ispaniya tajribasi misolida davlatlar o‘rtasidagi huquqiy hamkorlik mexanizmlari, ekstraditsiya va jinoiy aktivlarni qaytarish jarayonida qo‘llaniladigan amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdi.

Seminar ishtirokchilarga xalqaro-huquqiy hamkorlik sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashish hamda vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish imkonini berdi.

Tadbir yakunida o‘zaro huquqiy yordam va xalqaro sud hamkorligi mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.

Telegram Facebook