Akademiyaning ilk bitiruvchilari ofitserlik xizmatini boshladi

Akademiyaning ilk bitiruvchilari ofitserlik xizmatini boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatining «Tergov faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha ilk bitiruvchilari hayotida muhim voqea yuz berdi. Ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini boshlayotgan yosh mutaxassislarga birinchi maxsus – «leytenant» unvoni berildi hamda ular ichki ishlar organi xodimining xizmat qasamyodini qabul qildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Bosh prokuror o‘rinbosari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar, IIV akademiyasi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbar va xodimlari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar yosh ofitserlarni kasbiy hayotidagi muhim va mas’uliyatli bosqich bilan tabriklab, birinchi maxsus unvon va xizmat qasamyodi davlat hamda xalq tomonidan bildirilgan yuksak ishonch ifodasi ekanini ta’kidladi.

Bitiruvchilarni qonunga so‘zsiz rioya qilish, inson qadri, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya etish, har qanday vaziyatda halollik, matonat va yuksak mas’uliyat bilan xizmat qilishga chaqirildi. Yosh ofitserlarning har bir qarori va xatti-harakatlarida qonuniylik, adolat va xalq manfaatlari ustuvor bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Marosimning eng tantanali va hayajonli lahzasida bitiruvchilarga birinchi maxsus – «leytenant» unvoni topshirildi. Mazkur unvon ularning ofitser sifatidagi kasbiy yo‘lini boshlab berishi bilan birga, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, qabul qilinadigan har bir qaror va amalga oshiriladigan har bir harakat uchun shaxsiy javobgarlikni ham yuklaydi.

Shundan so‘ng yosh ofitserlar ichki ishlar organi xodimining xizmat qasamyodini qabul qilib, Vatan va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmat burchini halol va vijdonan bajarishga ahd berdi.

Birinchi maxsus unvonning berilishi bitiruvchilarning ofitserlar safiga qadam qo‘yganini, xizmat qasamyodini qabul qilishi esa Vatan, xalq va qonun oldidagi yuksak mas’uliyatni zimmasiga olganini ifoda etadi.

Akademiya jamoasi ilk bitiruvchilar o‘z faoliyatida qonuniylik, adolat, halollik va inson qadrini hurmat qilish tamoyillariga sodiq qolib, mamlakatimizda huquq-tartibot, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildiradi.

Yosh ofitserlarga kasbiy muvaffaqiyatlar, xizmatda matonat va sabr-toqat, qasamyod hamda qonunga sadoqat, shuningdek, davlat va xalq ishonchini munosib oqlashni tilaymiz.

Telegram Facebook