Akademiyaning raqamli kriminalistika sohasidagi tajribasi «ICT-Crime 2026» xalqaro konferensiyasida taqdim etildi

Akademiyaning raqamli kriminalistika sohasidagi tajribasi «ICT-Crime 2026» xalqaro konferensiyasida taqdim etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan «ICT-Crime 2026» xalqaro konferensiyasida raqamli kriminalistika mutaxassislarini tayyorlash hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilishga doir milliy tajribani taqdim etdi.

Anjuman 29 davlat hamda beshta xalqaro tashkilot – BMT, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, SHHT, MDH va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti vakillarini, shuningdek davlat idoralari, ilmiy va ekspert doiralar mutaxassislarini bir maydonga jamladi. Konferensiyada AKTdan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash, oldini olish, barham berish va tergov qilish, ushbu sohada xalqaro hamkorlik va huquqiy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek shaxsiy maʼlumotlardan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Akademiya nomidan Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti boshligʻi Sardorbek Urozbayev hamda Institutning Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqotlar markazi boshligʻi Xagani Gadjiev konferensiyaning «AKTdan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishning ilgʻor amaliyotlari» mavzusidagi sessiyasida maʼruzalar bilan ishtirok etdi.

Sardorbek Urozbayev oʻz maʼruzasida Akademiyada AKT sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun mutaxassislar tayyorlash tajribasini, raqamli kriminalistika boʻyicha kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan taʼlim yondashuvlarini taqdim etdi.

Xagani Gadjiev esa AKTdan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilishning ilgʻor amaliyotlariga toʻxtalib, Institutning ekspertlik va tadqiqot faoliyatida qoʻllanilayotgan amaliy metodika hamda yondashuvlar haqida soʻz yuritdi.

Taqdim etilgan materiallar Akademiyada raqamli kriminalistika yoʻnalishida taʼlim, ilmiy tadqiqot va ekspertlik amaliyotining oʻzaro uygʻun yoʻlga qoʻyilganini namoyon etdi. Institut raqamli dalillarni aniqlash, qayd etish, olish va tadqiq qilish, kompyuter-texnik, mobil qurilmalar, tarmoqlar, katta hajmdagi maʼlumotlar va maʼlumotlar bazalari boʻyicha ekspertizalar oʻtkazish yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.

Konferensiyadagi ishtirok Akademiyaning raqamli kriminalistika sohasidagi ilmiy va amaliy salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi hamda ekspert tuzilmalari bilan kasbiy aloqalarni kengaytirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va kelgusi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilashga xizmat qildi.

Telegram Facebook