O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘quv jarayonini zamonaviy huquqiy manbalar bilan ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu ishlarning navbatdagi bosqichida Akademiya kutubxona fondi yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ilmiy nashrlar bilan boyitildi.
Yangi adabiyotlar huquqshunoslikning fundamental, sohaviy va amaliy yo‘nalishlarini keng qamrab olgan. Kutubxona fondi davlat va huquq nazariyasi hamda tarixi, migratsiya va ekologiya huquqi, fuqarolik sud ishlarini yuritish, jinoyat protsessi, prokuror nazorati, shuningdek, ilmiy tadqiqot metodologiyasiga oid nashrlar bilan boyitildi.
Jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan adabiyotlar alohida o‘rin tutadi. Ularda dastlabki tergovning psixologik jihatlari, ochiq manbalardan olingan ma’lumotlardan (OSINT) foydalanish imkoniyatlari hamda huquqni qo‘llash faoliyatiga yangi tahliliy vositalarni joriy etish masalalari yoritilgan.
Mazkur nashrlarning mavzuviy qamrovi Akademiyada amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari va huquqni muhofaza qilish amaliyotining bugungi ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq. Ular talabalar va magistrantlarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, mustaqil ta’lim va amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish, tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini yangi manbalar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Kutubxona fondini maqsadli ravishda shakllantirish va muntazam yangilab borish Akademiyada ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu boradagi tizimli ishlar Akademiyaning zamonaviy axborot-ta’lim muhitini rivojlantirish, sifatli huquqiy ta’lim va amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlar uchun mustahkam resurs bazasini yaratishga qaratilgan.