G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘iga (ARIN-WCA) berilgan kuzatuvchi maqomi uning xalqaro professional muloqotdagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan amaliy aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi. ARIN-WCA doimiy kotibiyati vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bajaradi.
Tarmoqqa yangi maqom berilgani haqida 25–28 avgust kunlari Vena shahridagi BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi shtab-kvartirasida o‘tkazilgan GlobE Networkning yettinchi yalpi yig‘ilishida e’lon qilindi. Yig‘ilishda ARIN-WCA doimiy kotibiyati nomidan Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari U. U. Nigmadjanov ishtirok etdi.
Muhokamalarda transchegaraviy hamkorlikning amaliy mexanizmlariga asosiy e’tibor qaratildi. Xususan, tezkor va himoyalangan axborot almashinuvi, xalqaro tusdagi korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishda vakolatli organlarning hamkorligi, shuningdek, jinoiy aktivlarni izlash va qaytarish masalalari ko‘rib chiqildi. GlobE Networkning mintaqaviy professional tarmoqlar bilan sherikligini kengaytirish istiqbollari ham alohida muhokama qilindi.
Yangi maqom ARIN-WCAga GlobE Network faoliyatida ishtirok etish, mintaqa davlatlarining umumiy ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish va boshqa yurisdiksiyalarning vakolatli organlari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Doimiy kotibiyat vazifasini bajarayotgan
Akademiya uchun esa bu qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro tajribani jalb etish va tarmoqning amaliy salohiyatini mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ma’lumot uchun: GlobE Network 137 davlatning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa 253 ta vakolatli organini birlashtiradi. Tarmoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish, axborotni xavfsiz almashish hamda transmilliy korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.