O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yangi o‘quv yilining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yangi o‘quv yilining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

2026/2027 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi yangi talabalarni qabul qildi. Marosimda ularning ta’lim olishi va kasbiy shakllanishiga doir asosiy ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Shu bilan birga, Akademiyada “Kiberhuquq” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlandi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston prokuraturasi Faxriylar kengashi a’zolari, Akademiya rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, talabalarning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etdi. Kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plab, davlat grantlari asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar Akademiya boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirildi.

So‘nggi uch yilda Akademiyada tahsil oluvchilar soni qariyb 300 nafardan 1500 nafarga yetdi. Bunga yangi ta’lim yo‘nalishlarining ochilishi va ish beruvchilar takliflari asosida qabul kvotalarining oshirilishi xizmat qildi. “Kiberhuquq” yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi PF–204-son Farmoniga muvofiq joriy etildi. Joriy yilda Akademiya “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha ilk bitiruvchilarni ham tayyorladi: 220 nafar bitiruvchi vakolatli davlat organlarining tergov tarmoqlarida xizmat o‘tash uchun yo‘naltirilib, ularning 100 foiz bandligi ta’minlandi.

O‘tgan o‘quv yilida Akademiya talabalari ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari bo‘ldi. “Tergov faoliyati” yo‘nalishining bitiruvchi talabalari O‘zbekiston jamoasi tarkibida Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha V xalqaro olimpiadaning “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Akademiya talabalari Gaaga shahrida o‘tkazilgan xalqaro jinoyat huquqi bo‘yicha tanlovning yakuniy bosqichida ham ilk bor ishtirok etdi. O‘quv yili davomida jami 37 nafar talaba xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan konferensiya, seminar va tajriba almashinuv dasturlarida qatnashdi.

Yangi talabalar ta’lim jarayonining mazmuni va o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirildi. O‘quv jarayonida jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish va protsessual hujjatlarni tayyorlash ko‘nikmalarini shakllantirish, raqamli ko‘nikmalar va stressga bardoshlilikni rivojlantirish, shuningdek, dual ta’limni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Talabalarning muloqot madaniyati, jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash, liderlik va qaror qabul qilish qobiliyatlari muntazam o‘rganib, baholab boriladi.

So‘zga chiqqanlar talabalar e’tiborini inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan kasbning yuksak mas’uliyatiga qaratdi. Intizom ta’lim jarayonidagi majburiy talabgina emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi kelgusi xizmatga tayyorlikning muhim mezoni ekani ta’kidlandi. Talabalar qabul jarayoni shaffof va adolatli o‘tganini, ota-onalar esa Akademiyada sifatli ta’lim olish uchun munosib imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi. Ichki tartib-qoidalar, elektron ta’lim platformasi va mobil ilova imkoniyatlari bilan tanishgan yangi talabalar o‘quv mashg‘ulotlariga kirishdi.

Telegram Facebook