O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xorijiy fuqarolarni “Yurisprudensiya” va “Kiberhuquq” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olishga taklif etadi.
Ta’lim zamonaviy o‘quv kampusida, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan auditoriyalarda yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.
Ta’lim olish jarayonida xorijiy talabalar quyidagi imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin:
· interaktiv ta’lim xizmatlari, axborot resurslari va Akademiya sport infratuzilmasidan foydalanish, shuningdek, yotoqxonaga joylashish;
· talabalar klublari, qo‘shimcha o‘quv kurslari, intellektual o‘yinlar, musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlarida ishtirok etish;
· tarixiy obidalar, madaniyat maskanlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlarga tashrif buyurish;
· xorijiy va mahalliy olimlar, mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirokidagi seminar va treninglarda, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda forumlarda qatnashish;
· xalqaro hamkorlik doirasidagi ijtimoiy loyihalar, grantlar va huquqni muhofaza qilish faoliyatiga oid xalqaro dasturlarda ishtirok etish.
Ta’lim jarayoniga huquqni muhofaza qilish sohasida ko‘p yillik ish tajribasiga ega olimlar va mutaxassislar jalb etilgan. Mutaxassislik modullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar Akademiyaning imitasiya xonalari va laboratoriyalarida o‘tkaziladi.
Talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida dastlabki tergov va surishtiruv organlari, shuningdek, ekspertiza muassasalarida qo‘shma amaliy, sayyor va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Ta’lim dasturlari
“Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli - 4 yil, o‘zbek va rus tillarida;
“Kiberhuquq” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi:
· kunduzgi ta’lim shakli - 4 yil, o‘zbek va rus tillarida.
Qabul shartlari
Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Hujjat topshirish tartibi
Hujjat topshirish muddati: 2026-yil 30-sentabr kuniga qadar (shu kuni ham).
O‘qishga kirish uchun Akademiyaning maxsus elektron platformasi - https://admission.proacademy.uz/ - orqali ro‘yxatdan o‘tish va quyidagi hujjatlarni yuklash lozim:
· o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
· o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar;
· sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
· milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
· 4 × 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.
Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarga ularning rus tiliga tarjima qilingan va notarial tartibda tasdiqlangan nusxalari ham ilova qilinadi.
Zarur hollarda qo‘shimcha hujjatlar so‘ralishi mumkin.
Suhbat o‘tkazish tartibi
Xorijiy fuqarolar Akademiyaning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.
Suhbat quyidagilarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi:
· talabgorning dunyoqarashi - hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan asosiy va muhim ijtimoiy-siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan umumiy xabardorligi;
· kasbiy intilishi va motivatsiyasi - yurist kasbining mohiyati va mazmuni, uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, yuristning kasbiy faoliyat sohalari va ushbu kasbning o‘ziga xos xususiyatlari haqida tasavvurga egaligi, shuningdek, mazkur kasbni tanlashga undagan sabablar;
· umumiy intellektual darajasi – o‘z fikrini aniq, mantiqiy va ijodiy bayon etish hamda o‘z nuqtayi nazarini asoslay olish qobiliyati;
· ma’naviy-axloqiy darajasi – qat’iy ma’naviy-axloqiy prinsiplarga egaligi, muloqot odobi va tashqi ko‘rinish madaniyatiga rioya etishi.
Suhbat tillari: o‘zbek va rus tillari.
Suhbat shakli va o‘tkaziladigan joy
Suhbat yuzma-yuz yoki masofaviy (onlayn) shaklda o‘tkaziladi.
Yuzma-yuz suhbat Akademiya binosida o‘tkaziladi. Masofaviy suhbat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirokchining shaxsini majburiy identifikatsiya qilish orqali tashkil etiladi.
Nomzodlar pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etishlari shart.
Suhbat natijalarini baholash
Suhbat yuzma-yuz yoki masofaviy shaklda o‘tkazilishidan qat’i nazar, uning natijalari 100 ballik tizim asosida baholanadi. Har bir mezon bo‘yicha eng yuqori baho 25 ballni tashkil etadi.
Talabgor belgilangan vaqtda suhbatga kelmagan taqdirda unga 0 ball qo‘yiladi.
56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish
Suhbat natijalariga ko‘ra nomzodlar Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilinadi.
O‘qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. O‘qishga qabul qilingan talabalar belgilangan tartibda talabalik guvohnomasi bilan ta’minlanadi.
Ta’limni tamomlagan xorijiy fuqarolarga belgilangan namunadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom beriladi.
Aloqa ma’lumotlari
Telefon: +998 71 202-04-96, ichki raqamlar: 1933, 1927, 1991.
Elektron pochta:
kayumov_bahtiyor@proacademy.uz
Manzil: 100190, Toshkent shahri, Rixsiliy ko‘chasi, 9-uy.
Rasmiy veb-sayt: https://proacademy.uz/ru
Telegram-kanal: https://t.me/TheLawEnforcementAcademy