Kriminologik tashxisdan manzilli choralarga: Akademiyaning Surxondaryo mahallalaridagi yangi profilaktika modeli

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

Kriminologik tashxisdan manzilli choralarga: Akademiyaning Surxondaryo mahallalaridagi yangi profilaktika modeli

Surxondaryo viloyatida Akademiyaga biriktirilgan, ayniqsa, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ishchi guruhi tomonidan kriminogen vaziyat kompleks o‘rganilmoqda. Ishlar “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida tashkil etilgan.

Asosiy maqsad – huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rish bilan cheklanmay, muammolarning tub sabablarini bevosita mahalliy ijtimoiy muhitda aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

Tadqiqot doirasida har bir mahallaning kriminologik xaritasi va xavf profillari shakllantirilib, nizoli oilalar, band bo‘lmagan yoshlar hamda ijtimoiy moslashuvga muhtoj shaxslar bilan bog‘liq xavf omillari chuqur tahlil qilindi.

Profilaktika inspektorlari va “mahalla yettiligi” vakillari uchun real keyslar asosida ilmiy-uslubiy treninglar tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarda nizolarni mediatsiya orqali hal etish va tajovuzkor kayfiyatni jilovlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Natijada tayyor qoliplardan voz kechilib, muayyan xonadon yoki ko‘chadagi real sharoitga moslashtirilgan ijtimoiy, huquqiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatishning ekspress-algoritmlari amaliyotga joriy etilmoqda.

Akademiya ishchi guruhi tomonidan to‘plangan empirik ma’lumotlar Surxondaryo viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha maxsus tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, respublika miqyosida qo‘llash mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar profilaktikasi metodikasini takomillashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Telegram Facebook