Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida sud-huquq sohasida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, sud amaliyoti, ilm-fan va ta’lim o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Memorandum doirasida o‘tkazilgan davra suhbatida tomonlar hamkorlikning ustuvor va amaliy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Xususan, ekspertlar va malakali mutaxassislar ishtirokida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, o‘quv hamda amaliy tadbirlarni tashkil etish, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini chuqur tahlil qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sud amaliyotidagi dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ularni sud amaliyotiga oid zarur materiallar va axborot bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Akademiya va Oliy sud o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikni aniq chora-tadbirlar asosida izchil amalga oshirish maqsadida alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Yo‘l xaritasi”da qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, sud amaliyoti natijalarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish, sudyalar va sud apparati xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan ta’lim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, sud-huquq sohasida raqamli texnologiyalar va zamonaviy axborot yechimlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik choralarini belgilash nazarda tutiladi.
Memorandum va uni amalga oshirishga qaratilgan kelgusi chora-tadbirlar sud amaliyoti, ilm-fan va ta’lim o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish, ilmiy natijalarning amaliy ahamiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini yuksaltirish hamda sud tizimidagi raqamlashtirish jarayonlarini ilmiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.