O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati ko‘magida ixtisoslashtirilgan seminar-trening o‘tkazildi. Tadbir Internet tarmog‘ida terrorizm va zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashishda OSINTning ilg‘or usullaridan foydalanishga bag‘ishlandi.
Seminar-treningda geofazoviy razvedka (GEOINT), sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilish, xronolokatsiya, ijtimoiy tarmoqlarda axborotni izlash va tahlil qilish (SOCMINT), shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va qonun ustuvorligi tamoyillariga muvofiq elektron dalillarni arxivlash hamda taqdim etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy usullar ko‘rib chiqildi.
Buyuk Britaniya va Germaniyadan tashrif buyurgan xalqaro ekspert-trenerlar rahbarligida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda nazariy va huquqiy jihatlar anonimlashtirilgan real keyslarni amaliy tahlil qilish hamda ixtisoslashtirilgan amaliy topshiriqlarni bajarish bilan uyg‘unlashtirildi.
Seminar-trening huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga, shuningdek, terrorizm va zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashishda ochiq manbalardan ma’lumot to‘plash va tahlil qilish (OSINT) sohasida ilg‘or xorijiy tajriba almashishga xizmat qildi.