Jinoiy aktivlarni qaytarishda xalqaro hamkorlik: ichki ishlar organlari tergovchilari uchun seminar

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

Jinoiy aktivlarni qaytarishda xalqaro hamkorlik: ichki ishlar organlari tergovchilari uchun seminar

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bilan hamkorlikda tergov amaliyotida jinoiy aktivlarni aniqlash va qaytarish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan seminar o‘tkazdi.

Seminarni Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari U.U. Nigmadjanov hamda Akademiya xodimlari A.A. Akbutaev va Sh.G. Xomidov olib bordi. Tadbirda Tergov departamenti xodimlari, shuningdek, onlayn shaklda hududlardagi tergov boshqarmalari, bo‘limlari, bo‘linmalari va guruhlarining xodimlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar soni 1000 nafardan oshdi.

Mashg‘ulotlarda jinoyat natijasida olingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni dastlabki bosqichda aniqlash, ularning harakatini kuzatib borish, xatlash va musodara qilish, shuningdek, xorijiy yurisdiksiyalarda joylashgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Parallel moliyaviy tergovlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

FATF standartlari va boshqa xalqaro hujjatlar talablaridan kelib chiqib, chet eldagi jinoiy aktivlarni tezkor aniqlash maqsadida G‘arbiy va Markaziy Osiyoda aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmoq (ARIN-WCA), aktivlarni qaytarish bo‘yicha boshqa tarmoqlar, Interpol, moliyaviy razvedka bo‘linmalari hamda xorijiy vakolatli organlar bilan rasmiy va norasmiy hamkorlik qilish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.

Xususan, xorijiy bank hisobvaraqlari, kompaniyalar, ko‘chmas mulk va boshqa aktivlar haqidagi dastlabki ma’lumotlarni tezkor almashishni, zarurat bo‘lganda axborotni tashabbus tartibida yuborishni hamda keyinchalik olingan ma’lumotlarni o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi rasmiy so‘rovlar bilan mustahkamlashni nazarda tutuvchi algoritm ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni amaliy natijaga yo‘naltirilgan tarzda tashkil etish, har bir xorijiy so‘rov hamda tashabbus tartibida yuborilgan axborot bo‘yicha erishilgan natijalarni qayd etib borish, idoralararo muvofiqlashuvni kuchaytirish, shuningdek, jinoiy aktivlarning saqlanishini ta’minlash va ularni qaytarishga qaratilgan tezkor choralarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

Tadbir tergovchilarning moliyaviy tergovlar va aktivlarni qaytarish sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, xalqaro hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish hamda jinoyatdan olingan aktivlarni davlat va jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab qaytarish bo‘yicha milliy amaliyotni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Telegram Facebook