Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 178- va 182-sonli umumta’lim maktablarida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, o‘quvchilarning huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari ishtirok etdi.
O‘quvchilarga «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi» mavzusida tushuntirishlar berildi. Bunda voyaga yetmaganlarning huquq va majburiyatlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarning salbiy oqibatlari, nazoratsizlikning oldini olish choralari, huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, o‘quvchilarga huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillardan ogoh bo‘lish, tengdoshlarining salbiy ta’siriga berilmaslik, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish hamda o‘z huquq va manfaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha mutaxassislarga bevosita murojaat qilib, tegishli tushuntirishlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.