2026-yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kriminologiya» (Umumiy qism) darsligining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Darslik Akademiyaning «Jinoyat huquqi va kriminologiya» kafedrasi professor-o‘qituvchilari hammuallifligida tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yurisprudensiya va tergov faoliyati ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun darslik sifatida tavsiya etilgan. Mazkur nashr «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi.
Taqdimotda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi. Tadbir davomida nashrning mazmun-mohiyati, ilmiy va o‘quv-uslubiy ahamiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Qayd etilganidek, darslik kriminologik ahamiyatga ega manbalar va statistik ma’lumotlarni tizimli tahlil qilish asosida tayyorlangan. Unda kriminologiya fani Umumiy qismining asosiy institutlari qamrab olinib, mavzular mantiqiy izchillikda, ravon va tushunarli tarzda bayon etilgan.
Yangi darslik bo‘lajak huquqshunoslarning kriminologik bilimlarini mustahkamlash, jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini ilmiy asosda tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda yuridik ta’lim jarayonini zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.