O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida BMTning gender tengligini ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 5-sonli Barqaror rivojlanish maqsadini (BRM 5) amalga oshirish doirasida «Raqamlashtirish davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi yetakchi ayollar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ularning huquqni muhofaza qilish faoliyatida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, amaliy tajriba almashish, shuningdek, zamonaviy raqamli transformatsiya jarayonlarini hisobga olgan holda talaba qizlarda kasbiy mo‘ljallar va yetakchilik fazilatlarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida rahbar ayollarning kasbiy yo‘li, huquqni muhofaza qilish tizimida gender siyosatini amalga oshirishga zamonaviy yondashuvlar, jamoat xavfsizligini ta’minlashda ayollarning roli, raqamlashtirish sharoitida kadrlar tayyorlash, shuningdek, kiberxavfsizlik, raqamli kriminalistika va sud-ekspertiza faoliyati sohalarida ayollarning ishtiroki istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV Akademiyasi, Cyber University hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi vakillari o‘z kasbiy tajribalari bilan bo‘lishdilar.
Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi avlodlar o‘rtasida kasbiy tajriba vorisligini ta’minlashga, huquqni muhofaza qilish sohasida kasbiy faoliyatni tanlagan ayollar va qizlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, talaba qizlarda kasbiy rivojlanish, yetakchilik va zamonaviy raqamli kompetensiyalarni o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir 60 dan ortiq ishtirokchini birlashtirdi.