Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomi berilmoqda

Yangiliklar

“Et docere et discere servitute legis”

Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomi berilmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi XI majlisida qatnashdi.

Kengash majlisida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli davlat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala muhokamasi doirasida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Vyacheslavovich Kolenko taqdimot o‘tkazib, Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shu jumladan, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy yo‘nalishlardagi ishlari, mavjud salohiyati hamda istiqboldagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Kengash a’zolari Akademiyaning kelgusida MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yurituvchi idoralari, prokuratura, tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, sohada ilmiy tadqiqotlar va ekspert-tahliliy ishlarni amalga oshiruvchi yetakchi muassasa sifatidagi salohiyatini yuqori baholadilar.

Muhokamalar yakunida Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi Kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kengashning mazkur qarori kelgusida MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, tadbir doirasida Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Belarus Respublikasining qator ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, Kengash majlisi doirasida Akademiya delegatsiyasi Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasining Ilmiy-tadqiqot markazi direktori, yu.f.d. Igor Anatolyevich Moroz bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarda, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish, prokurorlik nazorati faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Belarus huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, shuningdek, innovatsion ta’lim texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Akademiya delegatsiyasi Belarus Respublikasining “Tergov qo‘mitasining malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti” ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Institut boshlig‘i, yu.f.n., dotsent Yuriy Frantsevich Kamenetskiy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, kibermakondagi jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, ilg‘or tajriba va metodikalarni o‘zaro almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, Akademiya delegatsiyasi Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tashrif buyurib, IIV Akademiyasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksey Vladimirovich Bashan bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib, ikki akademiya o‘rtasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

Memorandum tomonlar o‘rtasida ta’lim jarayonini raqamlashtirish va masofaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro stajirovkalarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

Belarus Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari Huquqni muhofaza qilish akademiyasining xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.

Tashrif Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy faoliyatini MDH mamlakatlari miqyosida kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va o‘zaro almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish, prokurorlik va tergov sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, kiberjinoyatlarni aniqlash va fosh etish bo‘yicha zamonaviy amaliyotlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Akademiyaga MDH doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomining berilishi uning xalqaro ta’lim va ilmiy platformalardagi o‘rnini yanada mustahkamlab, mintaqada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy va ekspert hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur maqom, shuningdek, 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasi doirasida belgilangan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirishga munosib hissa qo‘shadi.

Telegram Facebook