Raqamli dalillar bilan ishlash, internet firibgarligi va kriptoaktivlar bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tergovchilari uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturining asosiy mavzulari bo‘ldi.
«Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari va xalqaro hamkorlik mexanizmlari» mavzusidagi kursni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etdi. U axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish bo‘yicha tergovchilar tayyorgarligini takomillashtirishga qaratildi.
Mashg‘ulotlarda elektron dalillarni aniqlash, olish, saqlash va tahlil qilish usullari, raqamli izlarni o‘rganish, kriptoaktivlar bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish xususiyatlari hamda internet firibgarligini fosh etish yo‘llari ko‘rib chiqildi. Raqamli tergov jarayonida xalqaro hamkorlikning huquqiy mexanizmlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Kurs yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.