Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ekspertlar sun’iy intellektni tartibga solish va raqamli texnologiyalardan foydalanishda inson huquqlarini himoya qilishga doir xalqaro yondashuvlarni muhokama qildilar.
“Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va inson huquqlari: etika, huquqiy tartibga solish va xalqaro hamkorlik” mavzusidagi parallel sessiya O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan tashkil etildi. Forum Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligiga bag‘ishlandi. Uning asosiy mavzusi inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik bo‘ldi.
Ishtirokchilar sun’iy intellektdan foydalanishning etik tamoyillari, algoritmlar asosida qabul qilinadigan qarorlarning shaffofligi va hisobdorligi, shuningdek, kamsitishning oldini olish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Muhokamada shaxsiy hayot daxlsizligi, fikrni erkin ifoda etish va axborot olish huquqini himoya qilishga ham e’tibor qaratildi.
Sun’iy intellektdan davlat boshqaruvi va odil sudlov sohalarida foydalanish imkoniyatlari va xavflari, raqamli texnologiyalarni huquqiy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish hamda bu sohadagi xalqaro hamkorlik alohida muhokama qilindi.
Sessiyaga YUNESKOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko moderatorlik qildi.
Sessiyada xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Ma’ruzachilar orasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Tilburg universiteti (Niderlandiya), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi vakillari bor edi.
Muhokama qilingan masalalar raqamli o‘zgarishlar sharoitida ishlaydigan, yangi texnologiyalar qo‘llanilganda inson huquqlarini himoya qila oladigan huquqni muhofaza qilish sohasi mutaxassislarini tayyorlash uchun muhimdir. Akademiya bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik, ilmiy muloqot va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishda davom etmoqda.