O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ishchi guruhi Toshkent viloyati Angren shahrining «Ozodlik» mahallasida kriminogen vaziyatni o‘rgandi. Huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqish sabablari hamda ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar tahlil qilinib, mahallada manzilli profilaktikani tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar berildi.
Mazkur o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ–1-son qarorida belgilangan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish vazifalari ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Tahlil davomida mahalladagi huquqbuzarliklarning o‘ziga xos xususiyatlari baholandi. Takliflar aniqlangan omillar va hududdagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda ishlab chiqildi.
Angren shahrida Akademiyaga biriktirilgan mahallalarda avvalgi o‘rganishlar asosida tayyorlangan tavsiyalar hozirda amaliyotga tatbiq etilmoqda. Profilaktika ishlarining natijadorligi muntazam baholanib, ko‘rilayotgan choralarning huquqbuzarliklar holatiga ta’siri o‘rganilmoqda.
Ushbu ishlarning davomi sifatida Akademiya «mahalla yettiligi» a’zolari uchun o‘quv-seminarlar ham tashkil etmoqda. Mashg‘ulotlar mahallalarda profilaktika tizimini mustahkamlashga qaratilgan.