O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va xorijiy tillarda kasbiy muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda xalqaro ta’lim tajribasini o‘rganish, zamonaviy o‘qitish metodlarini o‘zlashtirish va ko‘p tilli ta’lim muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi navbatdagi o‘quv mashg‘uloti Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining katta o‘qituvchisi, ta’lim sohasidagi xalqaro ekspert Gunjan Jain (Gunjan Jain) ishtirokida o‘tkazildi. Mashg‘ulot professor-o‘qituvchilarning yuridik ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ilg‘or pedagogik yondashuvlarni o‘quv jarayonida qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi.
Ochiq muloqot va fikr almashinuvi davomida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, tinglovchilarning kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Kasbiy va til tayyorgarligining uyg‘unligi huquqiy mavzularda xorijiy tilda muloqot qilish, xalqaro manbalar bilan ishlash va ulardan ta’lim jarayonida foydalanish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Mashg‘ulot davomida ekspert professor-o‘qituvchilarga xalqaro ta’lim tajribasini amaliyotga tatbiq etish, o‘qitish usullarini takomillashtirish va tinglovchilarning muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.