O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish rejalarini aniqlangan xavf-xatarlar asosida ishlab chiqishga qaratilgan ikki kunlik trening o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul tuzilmalar xodimlarining xavf-xatarlarni aniqlash, baholash hamda ularning oldini olish choralarini belgilash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan.
8–9-oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan trening Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan loyihasi doirasida «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarni korrupsiyaga qarshi kurashish va xavf-xatarlarni baholash bo‘yicha xalqaro ekspert Kventin Rid (Buyuk Britaniya) olib bormoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar amaliy mashqlar orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar hamda ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni tahlil qilish usullarini o‘rganmoqdalar. Baholash natijalarini davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining xususiyatlariga mos profilaktik choralarga aylantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Mashg‘ulotlarga uslubiy manba sifatida «Halollikni rejalashtirish: O‘zbekiston davlat muassasalari uchun qo‘llanma» (Integrity Planning) ham kiritilgan. Undagi yondashuvlarni xavf-xatarlarni baholash va korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni rejalashtirishda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Treningda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Kadastr agentligi vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, ichki ishlar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, iqtisodiyot va moliya, energetika, madaniyat hamda raqamli texnologiyalar sohalaridagi vazirliklarning mas’ul xodimlari qatnashmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish klasteri doirasida Akademiya, Toshkent davlat yuridik universiteti, Kriminologiya tadqiqot instituti hamda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti vakillari ham mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Treningda alohida e’tibor korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar rejalarini xavf-xatarlarni baholash natijalari bilan bog‘lashga qaratilgan. Ishtirokchilar aniqlangan xavfning sabablariga ta’sir qiladigan hamda tegishli organ yoki tashkilot faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan choralarni ishlab chiqish yondashuvlarini muhokama qilmoqdalar.