Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Hindiston Milliy sud ekspertizalari universiteti (NFSU) va Kipr Respublikasi Limassol universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.V. Kolenko rahbarligida o‘tgan muloqotda kadrlar tayyorlashda tajriba almashish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda NFSU ijrochi registratori C.D. Jadeja hamda universitetning Dehli kampusi direktori, Huquq, sud adolati va siyosiy tadqiqotlar maktabi dekani, professor Purvi Pokhariyal ishtirok etdi. Shuningdek, Kriminologik tadqiqotlar va ishlanmalar markazi bosh direktori Chetan Mukundan va Limassol universitetining xalqaro aloqalar va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha prorektori professor Demetra Fr. Sorvatzioti qatnashdi.
Mehmonlar Akademiyada ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar, raqamli ta’lim platformalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdilar. Ular Akademiyadagi imkoniyatlarga yuqori baho berdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlashda tajriba almashish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelgusi hamkorlik rejalarini kelishib oldilar.